INTERNET

  Снимок2    Darlsiklarni titkilaymiz, qo‘llanmalarni o‘qiymiz – hammasida Internetning lug‘atdagi ma’nosi-yu, qachon qayerda o‘ylab topilgani va sayt qanday yaratilishi haqidagi gaplar yozilgan. Buning ustiga, protokol, xosting, domen nomi, brauzer… kabi tushunarsiz atamalarni qorishtirib, ilmiy tilda yozilganki, ularni tushunish u yoqda tursin o‘qishning o‘zi alohida jasorat talab qiladi. Bizni esa, Internetning ma’nosi, tarixi va sayt yaratilishi emas, oddiygina – «Internet o‘zi nima?» savoli o‘ylantiradi. Shu haqda o‘zimizning tilimizda o‘qishni istaymiz.

       Keling, Internet bilan tanishib olamiz.

   Internet – bu butun dunyodagi kompyuterlarni birlashtiradigan global tarmoq bo‘lib, unga ulangan kompyuterlarni ikki guruhga bo‘lish mumkin: serverlar va mijozlar.

      Serverlar – bu qudratli, ishonchli kompyuterlar bo‘lib, ular tun-u kun ishlaydilar. Ular doim Internetga ulangan, boshqa kompyuterlardan keladigan buyurtmalarga ko‘ra, axborotni saqlash va jo‘natish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida yuzlab, minglab so‘roqlarga javob bera oladi.

       Mijozlar – bu Internetdan foydalanuvchilarning shaxsiy kompyuterlari bo‘lib, ulardan serverlarga u yoki bu axborotni so‘rab buyurtma yuboriladi va serverdan kelgan axborot qabul qilinib, aks ettiriladi. Odatda bunday kompyuter Internetga muntazam ulangan bo‘lmaydi, zaruriyatga ko‘ra ulanadi (har birimizning uyimizdagi kompyuter singari).
Internetga ulanish uchun biz maxsus tashkilotlar – Internet xizmatini ko‘rsatuvchi provayderlarga murojaat qilamiz.

      Internet-provayder – bu o‘zining internet-serveri orqali Internet tarmog‘iga ulash xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilot. Foydalanuvchilar kompyuterlari (mijozlar) provayderning serveri bilan telefon simi, uyali aloqa to‘lqinlari yoki Wi-Fi to‘lqinlari orqali bog‘lanadi. O‘z navbatida, provayder serveri Internet bilan yuqori tezlikdagi aloqa liniyalari yordamida muntazam bog‘langan bo‘ladi.

      Internetdan foydalanuvchilar kompyuterida maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan bo‘ladi, masalan brauzer, u serverga tegishli buyurtmani yuboradi va kelgan axborotni qabul qilib, ekranda aks ettiradi. O‘z navbatida, serverga o‘zining dasturiy ta’minoti o‘rnatilgan bo‘lib, u kerakli axbortlarni saqlaydi va mijoz dasturiy ta’minoti (brauzeri)ning buyurtmalariga javob beradi.

      Endi tasavvur qiling: turli foydalanuvchilar turlicha kompyuterga egalar, ularda har xil operatsiya tizimi (Windows, Linux va boshqalar) o‘rnatilgan, turli brauzerlar (Google Chrome, Opera, Internet Explorer, Mozilla Firefox) ishlatiladi. Serverlar ham xuddi shunday – ularda ham turli xil kompyuterlar, turfa xildagi dasturiy ta’minotlar o‘rnatilgan. Mana shu turli-tuman kompyuterlar, dasturlar, operatsiya tizimlari o‘zaro «tushunarli» aloqada bo‘lishlari uchun maxsus qoidalar o‘ylab topilgan, ularni «protokollar» deb ataymiz. Protokollar kompyuterlarga axborot almashinuvida yordam beradi.

      Internetning har bir xizmati uchun o‘zining xos protokoli bo‘ladi. Masalan, elektron pochta orqali xat yubormoqchi bo‘lsangiz, kompyuteringizga shunga tegishli dastur o‘rnatilishi, server ham sizdagi dasturga muvofiq keladigan dasturga hamda mijoz dasturining server bilan aloqasini ta’minlovchi xos protokolga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi.

        Shu tariqa, Internetdagi biror xizmatdan foydalanish uchun bizga quyidagilar kerak bo‘ladi:
•    Kompyuter

  • Mijoz dasturi, u kompyuteringizga o‘rnatilgan bo‘lib, tanlangan xizmat protokoli bo‘yicha ishlaydi.
    •    Server dasturi o‘rnatilgan server manzili.

        Yozganlarimizni tushunish oson bo‘lishi uchun bir misol keltiramiz. Tasavvur qiling, o‘zimizning Toshmat angliyalik Jek bilan gaplashmoqchi bo‘ldi. Buning uchun Toshmat ingliz tilini bilishi kerak. So‘zlarni bilish yetmaydi, balki ularni qoidasi (protokoli)ga ko‘ra bir tartibga keltirishi kerak. Shundagina uni Jek tushuna oladi.

     Savol tug‘iladi – Toshmat Jekni qanday qilib topadi? Javobi oddiy – telefon orqali.

       Internetdagi millionlab kompyuterlar bir-birlarini ana shunday topadilar. Internetga ulangan har bir kompyuter o‘zining noyob IP-manziliga ega bo‘ladi (Internet Protocol Address), u bir-biridan nuqtalar bilan ajratilgan to‘rtta son ketma-ketligidan iborat. Har bir son 0 dan 255gacha bo‘lishi mumkin. Kompyuterning IP-manzili xuddi uyali telefonning raqami kabi bo‘lib, u orqali dunyoning istalgan burchagidagi kompyuterni topsa bo‘ladi.

       Endi keyingi savol tug‘iladi – agar saytlar, veb-sahifalar, bloglar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqalar global tarmoq ma’lumotlar bazasining uzviy qismi bo‘lsa, ular qayerda joylashadi? Kompyuterimiz ulargacha qanday qilib yetib boradi?

      Odatda, saytlar internet-serverlarlarda joylashgan bo‘ladi, chunki aynan serverlarda dasturiy ta’minot uchun kerakli yirik disk makonlari bo‘lib, ular bir vaqtning o‘zida katta miqdordagi buyurtmalarga javob bera oladilar. Saytni Internetga, aniqrog‘i WWW umumjahon to‘riga joylashtirish uchun (saytimizning Internetga doimiy ulangan bo‘lishligini ta’minlash uchun) xost-provayderga murojaat qilish kerak.

      Xost-provayder – bu xosting xizmatlarini taqdim etuvchi, ya’ni saytingizni Internet tarmog‘iga joylashtirish uchun internet-server (xosting)da disk makonidan joy beruvchi tashkilot. Esda tuting, xosting – bu saytning Internetda namoyon bo‘lishi emas, balki, faqat disk makonining ijarasidir.

      Ingliz tilidan tarjima qilinganda, «xost» bosh kompyuter yoki karvonsaroy xo‘jayini ma’nosini anglatadi. Mana shunday «karvonsaroy»ga saytlar jamlanadi. Global tarmoqda minglab mana shunday «karvonsaroy»lar mavjud.

      Demak, umumjahon to‘rida qandaydir saytni topish uchun sayt joylashgan serverning IP-manzilini bilish kerak (Mana shu yerda nomaqbul saytlarni blokirovka qilish muammosi yotadi. Chunki saytni u joylashgan kompyuter (server) IP-manziliga qarab blokirovka qilinganda, unga qo‘shilib, o‘sha serverda joylashgan boshqa «begunoh» saytlar ham ochilmay qoladi). Raqam shaklidagi o‘nlab IP-manzillarni xotirada saqlash kompyuterga cho‘t emas, lekin inson uchun bu murakkabdir.

      Ishni osonlashtirish uchun Domen nomlari tizimi (DNS – Domain Name System) o‘ylab topilgan. Bu – manzil nomlarining muqobil tizimi bo‘lib, unda kompyuterlarga faqat IP-manzil emas, balki domen nomlari, ya’ni shartli nomlar ham beriladi. Domen nomlari o‘zaro nuqtalar bilan ajratilgan belgilar zanjiridan iborat (e’tibor bersangiz, IP-manzillarda ham xuddi shunday, faqat ularda nomlar emas, sonlar qo‘llaniladi).

      Foydalanuvchi uchun domen nomlari bilan ishlash qanchalik qulay bo‘lmasin, kompyuterlar baribir raqamli manzillar bo‘yicha ishlaydilar, shu sababli inson va mashina o‘rtasidagi aloqani muvofiqlashtirish uchun DNS-serverlar xizmati joriy etilgan.

      DNS-server – domen nomini raqamli IP-manzilga va aksinchaga o‘giruvchi dasturdir. Har gal siz brauzerda domen nomini terganingizda, DNS xizmati bu nom qaysi IP-manzilga tegishli ekanligini va sizga aynan qaysi resursni taqdim etish kerakligini aniqlaydi.

      DNS-serverni bir jihatdan uyali telefonimizdagi kontaktlar kitobchasiga o‘xshatishimiz mumkin. Biz o‘zimizga kerakli barcha telefonlarning raqamlarini eslab qola olmaymiz, shu sababli har bir raqamni telefon kitobchasiga qaysidir nom otsida saqlab boramiz. Qo‘ng‘iroq qilish zarur bo‘lganda, kerakli ismni tanlaymiz, telefon esa qaysi raqamni terishni o‘zi biladi. DNS-serverda ham xuddi shunday.

      Xo‘p, serverlar manzillarini tushungandek bo‘ldik. Endigi savol – saytlardagi bizga kerakli hujjatlar qanday topiladi, qanday qilib yuklab olinadi?

        WWW umumjahon to‘rida millionlab hujjatlar bor, ular turli serverlarda yotadi. Biz ularni topishimiz va kerakli hujjatni o‘qishimiz (yoki yuklab olishimiz) kerak. Buning uchun brauzer kerakli hujjatning joylashgan yerini aniq bilishi kerak.

       Har birimiz kompyuterdagi fayl joylashuvi qanday yozilishini bilsak kerak. Bunda oldin kompyuter diski, keyin papka(lar) nomi va oxirida bevosita faylning nomi, kengaytmasi bilan, ko‘rsatiladi. Ular bir-biridan teskari slesh – «\» belgisi bilan ajralib turadi, masalan: D:\work\Megabyte\2014\Megabyte#1.docx (Bu degani, «Megabyte#1.docx» fayli «2014» papkasida, u esa «Megabyte» papkasida, u «work» papkasida, bularning bari kompyuterning «D» diskida joylashgan, deganidir).

      Ana shunday qilib, biz bir kompyuter ichidagi istalgan faylning joylashuvini aniq belgilay olamiz. Internetdagi har bir fayl ham ana shunday noyob manzilga ega. U URL deb ataladi.

     URL (Uniform Resource Locator) – bu resursning universal lokatori yoki Internetdagi har bir faylning manzilidir. URLda kompyuter manzilidan tashqari, faylga qanday protokol orqali murojaat qilish kerakligi, serverda qaysi dasturni ishga tushirish lozimligi va aniq qaysi fayl zarurligi haqida ko‘rsatmalar bo‘ladi.

      Odatdagi URL manzili uchta asosiy unsurdan iborat: Protokol + Domen nomi + Yo‘l/Fayl.

    Keling, misol tariqasida quyidagi URLni batafsil tahlil qilib chiqamiz: http://megabyte.uz/e-gov/203-gov-uz-hukumat-portali.html Bu manzil saytimiz sahifalaridan biriniki.
1.    http – bu protokol, u mijoz va server o‘rtasida ro‘y beradigan o‘zaro aloqalarni belgilovchi qoidalarni belgilab beradi. WWWda gipermatnlarni yuborish uchun belgilangan protokol HyperText Transfer Protocol deb ataladi, qisqacha – HTTP.

  1.  Keyin siz ma’lumot olish uchun murojaat etgan serverning domen nomi keladi, namunada u – megabyte.uz. Bunda .uz – yuqori daraja domeni, megabyte.uz – ikkinchi daraja domenidir. Domen va protokol orasiga ajratgich – «://» qo‘yiladi.
  2.  /e-gov/203-gov-uz-hukumat-portali.html – bizga kerakli bo‘lgan «gov-uz-hukumat-portali.html» fayligacha bo‘lgan yo‘l bo‘lib, bu fayl «e-gov» papkasiga joylangan.

Aytmoqchi bo‘lganlarimiz mana shular. Siz Internet tarmog‘i va uning eng mashhur resursi – WWW umumjahon to‘ri qanday ishlashini bilib oldingiz.

Add Comment

Required fields are marked *. Your email address will not be published.