Ziddiyatlarni hal qilish san’ati: yechim topish va uni amalga oshirish yo’llari

ziddiyatZiddiyatlarni hal qilish san’ati bo’yicha tushuncha berishga Sahar maktabi kurslaridagi yuritilgan munozaralar, kurs forumlari, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar va eng muhimi Sahar maktabi o’tkazgan blogerlar tanlovi jarayonida kuzatilgan voqealar turtki bo’ldi. Mazkur maqolada ziddiyat nima ekanligi, ziddiyatni hal etishdagi prinsiplar, ziddiyatlarni hal etish turlari va internetda ziddiyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish yo’llari haqida tushuncha olasiz.

Nima uchun aynan ziddiyatlarni hal qilish kerak, blogerlar tanlovida qanday ziddiyatlar yuz berdi, deb o’ylayotgan bo’lishingiz tabiiy. Hech kim keskin ziddiyatga kirishgani yo’q, ammo Sahar maktabi faoliyatida maktab ishtirokchilari va maktabning tashqi auditoriyasi, ya’ni bizning kuzatuvchilarimiz o’rtasida yuz bergan ba’zi kichik kelishmovchiliklarni kuzatdik. Ziddiyatlar o’z vaqtida bartaraf etilmasa, katta janjal va noxushliklarga olib kelish ehtimoli borligini hisobga olgan holda, biz nafaqat ularni bartaraf etishni taklif qilamiz, balki har qanday ziddiyatli vaziyatni yumshatish, oldini olish va bartaraf etish san’atini sizga o’rgatishga harakat qilamiz. Umid qilamizki, har bir o’quvchi bunday malaka bilan o’z hayoti, professional ishi, qolaversa, internetdagi onlayn faoliyatiga yengillik, ijobiylik olib kira oladi.

Ziddiyat nima?

Ziddiyat turli sohalarda, turli xil munosabatdagi odamlar o’rtasida yuz beradigan tabiiy kelishmovchiliklarning salbiy tus olishidir. Agar biror joyda ziddiyat yuz bersa, bundan jiddiy tashvishga tushish shart emas. Chunki aksariyat holatlarda ziddiyatlarning yuz berishi tabiiy hol hisoblanadi.

Ziddiyatning deyarli har bir inson hayotida yuz beradigan eng oddiy turini oilada er-xotin o’rtasida bo’ladigan kelishmovchilikda ko’rish mumkin. Hayotining ma’lum pallasida o’zaro kelishmovchilik va nizoga kirmagan oilani, ikki do’stni yoki boshqa munosabatdagi kishilarni topish qiyin. Insonlarning umumiy maqsadlari qanchalik bir-biriga yaqin bo’lmasin, bu maqsadlarga erishish yo’lida har bir inson farqli qarashlarga ega bo’lgani bois, o’rtada kelishmovchilik yuzaga chiqishi tabiiy. Oddiy kelishmovchiliklar o’z vaqtida bartaraf qilinmasa, konfliktga, ya’ni ziddiyatga aylanadi.

Ishxonalarda xodimlar o’rtasida yoki rahbar va xodim orasida yuz beradigan kelishmovchiliklarni ham ziddiyatga bir misol qilib olish mumkin. Ma’lum bir ish jarayoni yuzasidan, uni kim amalga oshirishi yoki qanday amalga oshirish bo’yicha tomonlar o’rtasida kelishmovchilik va bahslar kelib chiqishi tabiiy hol. Bu ham tez-tez yuz beradigan konfliktlarga bir misol bo’la oladi.

Nafaqat ishxonada yoki oilada, balki o’qishda, kundalik hayotda yoki Internetdagi virtual olamda oddiy insonlar, do’stlar o’rtasida ham ma’lum masalalar yuzasidan bahs ketganda, ziddiyatlar kelib chiqishi hech gap emas.

Demak, ziddiyat insonlar o’rtasida yuz beradigan kelishmovchilik bo’lib, u bir-biriga juda yaqin, o’zaro ishonch asosida munosabat olib boruvchi odamlar orasida (masalan, do’stlar orasida) ham yuzaga kelishi mumkin.

Ammo ziddiyatni tabiiy hol deb e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Chunki ziddiyatga yechim izlanmasa, u jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi.

Virtual ziddiyatlar

Maqolamizda asosiy urg’uni internetdagi ziddiyatlarga qaratishga harakat qilganimiz bois, ziddiyatlar virtual olamda qanday ko’rinish olishi haqida ham aytib o’tish joiz. Hayotda bo’ladigan ziddiyatlardan virtual olamdagi ziddiyatlar quyidagi farqlarga ega:

  • Virtual olamda sizning do’stlaringiz yoki tanishlaringiz hayotdagi do’st va tanishlaringizdek yaqin emas. Ya’ni, ko’pincha ular bilan har kuni yuz ko’rishib, yaqin ishonch asosida ish olib bormaysiz. Shunday ekan, ziddiyat oqibatlarini o’ylamasdan, ikkinchi tomonga yoqmagan va xafa qiluvchi so’zlarni aytib yuborish nisbatan oson kechadi.

Virtual olamda inson o’zining kimligi haqidagi ma’lumotlarini yashirish imkoniga ega. Haqiqiy ma’lumotlarini, shaxsini aytmagan odam istalgan noma’qul so’zini aytaverishi mumkin. Bunga bir misolni quyidagi rasmda ko’rishingiz mumkin.

  • Virtual ziddiyatlar og’zaki tortishuv yoki kelishmovchiliklardan farqli ravishda uzoq vaqt saqlanib qoladi. Ya’ni, ularning izlari internet serverlarida hujjat kabi qolib ketadi. Ba’zan esa saytlarda izoh yozish kabi funksiyadan foydalanganda, ularni o’zingiz o’chirib tashlashga imkoningiz bo’lmasligi mumkin.
  • Virtual olamdagi ziddiyatlarda bildirgan fikrlarga ko’pincha siz va tortishayotgan tomondan tashqari boshqa ko’plab tomoshabinlar ham bo’ladi.
  • Agar tuhmat, haqorat kabi noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan bo’lsangiz, yoki ikkinchi tomon sizni shunday ayblovlar bilan ayblasa, real hayotda jiddiy muammolarga yo’liqib qolishingiz ham hech gap emas.

Demak, ko’rib turganimizdek, virtual ziddiyatlar hayotdagi ziddiyatlardan ham jiddiyroq va xunukroq oqibatlarga olib kelish ehtimoli katta. Shunday ekan, avvalambor, hayotdagi ziddiyatlarni tushunish va qolaversa, virtual olamdagi ziddiyatlarni ham bartaraf etish yo’llari haqida bilib olish barchamizga birdek foydali bo’ladi.

Ziddiyatga yechim topish nima uchun muhim?

Ziddiyatlarning yuz berishini tabiiy hol deb aytdik. Ammo ularning uzoq davom etishi yoki muntazam holga aylanishi salbiy holat bo’lib, buning oqibatlari tomonlar uchun og’ir bo’ladi. Ziddiyatlar o’z vaqtida hal qilinmasa, kelishmovchilikka kirgan tomonlar o’rtasida murosa yo’li topilmasa, bu ziddiyatga aralashgan odamlar o’rtasidagi munosabatlar buzilib, o’rtada dushmanlik yuz berishi hech gap emas. Deylik, ikki do’st yoki tanish Internetda bir maqola ostida bergan izohlari tufayli bir-biri bilan kelishmay qoldi. Bu degani ikki do’stning hayotdagi munosabatlariga ham darz ketdi. Ular bir universitetda o’qiyotgan yoki bir loyiha ostida birga ishlayotga hamkorlar bo’lishi mumkin. Ziddiyatni deb do’stlar birgalikda o’qish yoki ishlash imkonidan, hamkorlar esa mahsuldor loyihasidan ajralib qolishi mumkin. Aytaylik, tortishib qolgan ikki shaxs keyinchalik yarashib ham ketdi, yoki vaqt o’tishi tufayli ziddiyat esidan ham chiqib ketdi. Ammo internet sahifasiga bitilgan noma’qul so’zlar yoki haqoratlar har safar ko’ringanda tuzalgan yarani yangilatib turishi yoki boshqa o’quvchilarni ham ko’zi tushganda kayfiyatini buzishi mumkin.

Demak, barcha uchun noxush bo’lgan oqibatlarning oldini olish uchun ziddiyatlarni o’z vaqtida aniqlab, ularni hal qilish yo’llarini topish kerak.

Virtual olamda ham hayotdagi kabi o’zgalarni hurmat qilish, o’zgalar fikrini hurmat bilan tinglash, muammoga tanqidiy-tahliliy munosabat bilan yondashish kabi prinsiplar amal qiladi. Keling, ularning har biriga alohida to’xtalib o’tsak.

O’zgalarni shaxs sifatida hurmat qilish

Ziddiyat qanchalik chuqur bo’lmasin, unutmaslik kerakki, o’zga inson shaxs sifatida o’z hurmatiga ega va ziddiyat tufayli uni haqoratlash, muammoga aloqasi yo’q narsalarni eslatish yoki insonning shaxsiyatiga teguvchi so’zlarni ishlatish mumkin emas. Ziddiyatdagi ikkinchi tomon, sizning fikringizcha, qanchalik kuchsiz, mantiqsiz, yoki ahmoqona fikrga ega bo’lmasin u odamga, miyasida qanday firklar borligidan qat’iy nazar, inson sifatida muomala qilinishi lozim.

O’zgalar fikrini hurmat qilish

Insonlar turli xil xarakterda yaratilgan. Demak, har bir inson bir-birinikidan farq qiluvchi fikr-xulosaga ega. Agar bir masalada ikki insonning fikri ikki xil bo’lsa, bu degani buning uchun ikkinchi tarafni jazolash, ovozini o’chirish yoki haqorat qilish kerak degani emas. Aksincha, masalaga nisbatan mening munosabatim quyidagicha, sizniki esa o’zgacha, degan xulosa bilan kifoya qilish kerak. Istasa, kishi ikkinchi tomonga nima uchun o’zining xulosalari asosliroq, tushunarliroq ekanini yanada maydalab tushuntirishi yoki asoslashi, yoxud nima uchun ikkinchi tomonning xulosalari kuchsiz ekanligini asoslab berishi mumkin. Deylik, blogerlar tanloviga qo’yilgan bir blogpostga nisbatan bir o’quvchi “Yaxshi yozibsiz, muhim mavzuni olib chiqibsiz”, deyishi mumkin. Mazkur blogpost ikkinchi o’quvchi uchun esa hech qanday muhimlik kasb etmaydi, blogpost yaxshi yozilganiga ham shubha bilan qaraydi. Demak, o’z-o’zidan oydin bo’ladiki, insonlar o’z fikr-xulosalariga o’z kuzatishlari, ya’ni dunyoqarashi orqali keladi. Mana shu dunyoqarashni tushunish va hurmat qilish o’zgalar fikrini hurmat qilishga yordam beradi.

Tanqidiy-tahliliy yondashish

Tahliliy-tanqidiy firklash har bir vaziyatda, sohada juda qo’l keladi. Uning ziddiyatni tushunish va uni bartaraf etishdagi foydalarini-ku gapirmasa ham bo’ladi. Tahliliy-tanqidiy fikrlash, bu masalaga turli burchakdan yondashib, aniq xulosaga kelishdan oldin barcha ehtimollarni ishlatib ko’rish demakdir. U insonni kengroq fikrlashga, odamlarni tushunadigan bo’lishga hissa qo’shadi. Tanqidiy-tahliliy fikrlash haqida batafsil bundan oldingi maqolamizda yozganmiz va o’quvchilarga u bilan yaqindan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

Endi keling, tahliliy-tanqidiy firklash ziddiyatni tushunishda qanday qo’l kelishini ko’rsak. Deylik, Facebookda yozilgan bir postga ikki kishi bildirgan izohlarida kelishmay qoldi. Bir tomon ikkinchi tomonni “masalani bilmaslikda aybladi”, ikkinchi tomon esa “sen o’zi kim eding” deb shaxsiyatga tegishni boshladi. Nima qilsa, ziddiyatning oldi olingan bo’lar edi? Albatta, tahliliy-tanqidiy fikrlash ishlatilsa, ziddiyat kelib chiqmasdi. Masalan, birinchi shaxs ikkinchi shaxsni “masalani bilmaslikda ayblash”dan avval bu shaxs nima uchun shunday xulosaga keldi deb o’ylab ko’rishi mumkin edi. Tabiiyki, savoliga ehtimoliy javoblar o’rtasida, masalani bilmaslik ham bo’lar edi. Afsuski, bu ehtimoliy javoblarning birigina bo’lishi mumkin, ya’ni, yagona, bitta javob emas. Demak, xulosa qilishga shoshmaslik kerak. Deylik, barcha fikrlashdan so’ng ham xulosangiz, bu shaxs masalani yaxshi bilmaydi, bo’ldi deylik. Unda bu fikrni ikkinchi shaxsga tegib ketadigan ko’rinishda emas, balki hurmatni saqlagan holda, yumshoqroq tarzda yetkazish mumkin edi. Aytib o’tish kerakki, shunda ham bu xulosa nisbiy, ya’ni faqat birinchi shaxsning kuzatishlari asosida tug’ilgan xulosadir. Mutlaq haqiqat emas.

Ziddiyatlar uchun mavjud yechim turlari

Kuch ishlatish

Ziddiyatga kuch bilan yechim topish bu tomonlarning o’z haqqi uchun kurashishi deb ham ataladi. Nizoga kirishgan ikki tomon o’z fikrini yoki qarorini ikkinchi tomonga kuch bilan o’tkazishga urinadi va bu kurashda kuchli tomon g’olib chiqib, zaif tomon taslim bo’ladi va shu tariqa ziddiyat barham topadi.

Masalan, biror narsa ustida tortishib qolgan ikki yigit mojaroga yechimni ko’pincha mushtlashish orqali qidirishi, yoshlar orasida tez-tez uchrab turadigan holat. Yoki ishxonada rahbar bahsli mavzu bo’yicha buyruq orqali o’z qarorini o’tkazib, norozi xodim yoki xodimlar ovozini o’chirishga urinishi ham shunga bir misol bo’la oladi.

Ziddiyatni yechishning bu turi so’nggi chora sifatida qo’llanishi kerak lekin u hech qachon ideal yechim bo’la olmaydi. Chunki kuchsiz tomon majburiyat asosida kuchli tomonning talabini qabul qilgan taqdirda ham, unda ikkinchi tomonga nisbatan adovat yoki norozilik hissi davom etadi va natijada ikki tomon o’rtasida bundan buyon hech qachon samimiy munosabat shakllanmaydi. Shunday ekan, kuch ishlatish yo’li bilan ziddiyatga yechim topishga hech qachon birinchi yoki eng samarali chora sifatida urinmaslik kerak.

Qachon kuch ishlatish yo’li bilan mojaroga yechim topish zaruratga aylanishi mumkin? Qachonki, bundan boshqa choralar foyda bermaganda va ziddiyatga yechim topilmasa, yoki kuch ishlatmagan taqdirda bu holat juda ham katta salbiy oqibatlarga olib kelish ehtimoli yuqori bo’lsa, shunda kuch ishlatish mumkin bo’ladi. Masalan, ishxonada bir xodim va boshqa xodimlar o’rtasidagi ziddiyat muntazam tus olsa va kelishmovchiliklarni hal qilishning hech bir yo’li foyda bermasa, rahbar uchun ish muhitiga eng ko’p zarar yetkazayotgan va kelishmovchilik markazida turgan xodimni ishdan haydash eng maqbul chora bo’lishi mumkin. O’z xalqi xavfsizligini ta’minlash uchun, yoki yanada ko’proq odamlar o’lishining oldini olish maqsadida bir davlat boshqa bir davlatga qarshi urush ochishi yoki biror hududga qo’shin kiritishi ham so’nggi chora sifatidagi zaruratga misol bo’lishi mumkin.

 Hamkorlik

Ziddiyatga kirishgan tomonlar uchun eng ideal yechim teng huquqlar asosida hamkorlikka kirishish hisoblanadi. Yechimning bunday turi har ikki tomonning g’olib chiqishi (win-win) deb ham ataladi.

Bunda har ikki tomon kelishmovchilik sababi bo’lgan muammo yoki muammolarga birgalikda yechim topadi va topilgan yechim har ikki tomonni ham birdek qoniqtiradi. Hamkorlik natijasida mavjud ziddiyat tomonlar uchun o’zaro manfaatli natijaga erishish vositasiga aylanadi.

Masalan, bir odam boshqa bir odamdan qarzdor bo’lsa va qarz o’z vaqtida to’lanmagani orqasidan o’rtada ziddiyat yuzaga chiqqan bo’lsa, qarzi bor odam pul emas, balki qarz beruvchining sayti uchun jami narxi shu pul miqdorida yoki undan ortiqroq bo’lgan bir necha maqolalar yozib berishni taklif qilishi mumkin va qarz bergan odam bunga rozi bo’lsa, ikkala tomon ham bu holatda ziddiyatdan g’olib sifatida chiqadi. Chunki pul bergan odam saytga yozilgan sifatli maqola shaklida o’z qarzini qaytarib oldi va qarz bergan odam ham o’z blogerlik mahoratini ishlatib qarzidan qutildi.

Bunday turdagi yechim hamkorlik bo’lishi uchun, tomonlar yechimga rozi bo’lishi va natijadan qoniqishi kerak. Shuningdek, unda har ikki tomonning fikri va xohishlari hisobga olingan bo’lishi kerak. Qarzdor va qarz beruvchi misolida har ikki tomon ham o’z maqsadiga erishdi: qarz bergan odam qarzini saytiga sifatli maqola shaklida undirib olgan bo’lsa, qarzdor odam pul bermasdan turib qarzini uzish maqsadiga erishdi.

Shuningdek, yechimning hamkorlik turida ziddiyat hal bo’lgandan keyin tomonlar o’rtasidagi ziddiyat butunlay yo’qolishi kerak. Qarzdor qarzidan qutilgach va qarz bergan odam qarzini undirib olgach, demak, ular o’rtasida endi hech qanday ziddiyat yo’q va odatdagidek yaqin va do’stona munosabatlarini davom ettirishlari mumkin bo’lishi kerak.

Ayni paytda bunday yechim turiga erishish eng qiyin bo’lgan vazifa sanaladi. Chunki har ikki tomonni ham rozi qiladigan yechim topish juda mushkul. Qarzdor qarzini maqola yozish bilan uzishni istasa ham, qarz bergan odam bunga rozi bo’lmay, faqat pul berishini talab qilishi mumkin.

Ziddiyatlarga yechim topishda, demak, birinchi maqsad ana shunday hamkorlikka erishish bo’lishi kerak.

Murosaga erishish

Ziddiyatda tomonlarning murosaga kelishi ham ijobiy yakun hisoblanadi va bu hamkorlikdan keyin turadigan ikkinchi eng yaxshi yechimdir. Murosa har ikki tomonni qoniqtirsa ham, unda tomonlar o’zlari xohlagandek natijaga erishmagan bo’lishi mumkin.

Masalan, ishchi xodimlar va rahbariyat o’rtasida oylik maoshni oshirish yuzasidan ziddiyat kelib chiqqan bo’lsa, bu ziddiyatni hal qilish uchun rahbariyat ishchilarga so’raganlari miqdorida emas, balki ozroq, ammo hozirgi maoshdan ko’proq summani taklif qilishi mumkin. Ishchilar bunga rozi bo’lsa, ziddiyat barham topadi. Bu holatda ishchilar so’ragan haqlarini olmagan bo’lsa ham, natijadan qoniqqani uchun norozilikni to’xtatgan.

Qachon murosaga rozi bo’lish kerak?

  1. Agar siz talashayotgan yoki talab qilayotgan narsaning muhimlik darajasi o’rtacha bo’lsa;
  2. Bu urinishlaringiz kuch ishlatish yoki majburiyat ostida qarorlar qabul qilinishi natijasida sizga yetadigan aziyatga arzimasa;

Masalan, ishchilar rahbariyat taklif qilgan maoshga rozi bo’lmasa, rahbarlar keskin choralarga qo’l urib, ishchilarni ishdan haydashga qaror qilishi ham mumkin. Bu esa ishchilar xohlamaydigan natija. Shu bois ular maqsadlarining bir qismi ushalishi evaziga murosaga borishni afzal ko’rgan.

Murosaning salbiy taraflari ham yo’q emas. Unda nafaqat bir tomon, balki har ikki tomon o’z talablarining ma’lum bir qismidan voz kechishga majbur bo’ladi. Masalan, ishchilar oyliklari o’zlari xohlagan miqdorda oshishiga erisha olmagan bo’lsa, rahbariyat ham maosh miqdorini hozirgi miqdoridan biroz ko’tarib, ortiqcha xarajat qilishiga to’g’ri kelyapti. Ammo murosa har qanday holatda kuch ishlatish chorasidan afzaldir. Chunki, masalan, rahbarlar ish haqi oshirilishini talab qilayotgan ishchilar bilan murosaga bormay, kuch ishlatish yo’li bilan barchasini ishdan bo’shatib yuborsa, bundan har ikki tomon ham zarar ko’radi. Ishchilar ishini boy bersa, kompaniya malakali ishchilarini yo’qotadi.

Chekinish

Ziddiyat yechimlaridan yana biri chekinish deb ataladi. Bunda ziddiyatga kirishgan har ikki tomon yoki tomonlardan biri ziddiyatni davom ettirishni istamay, o’z talablaridan voz kechadi va shu tariqa ziddiyatni to’xtatadi.

Ziddiyatdan qachon chekinish kerak? Agar siz bahslashayotgan masala ziddiyatni davom ettirishga arzimasa, shunday yo’l tutganingiz ma’qul. Masalan, Facebook ijtimoiy tarmog’ida qaysidir bir davlatda yuz bergan bir voqea haqida yaqin bir do’stingiz yoki vatandoshingiz bilan bahsga kirishib ketsangiz va asabni buzadigan bu bahs uchun vaqt va energiya sarflashdan hech qanday foyda yo’qligini bilsangiz, bunday ziddiyatdan chekinib, bahsni to’xtatganingiz ma’qul.

Ziddiyatdan chekinish siz uchun foydali bo’ladigan holatlar ham bor. Agar chekinmasangiz, sizga nisbatan tahdid yoki kuch ishlatish holatlari yuz beradigan bo’lsa, ziddiyatni davom ettirmasdan, uni tark etish kerak. Masalan, ishxonada rahbaringiz bilan ziddiyatni davom ettirishigiz sizning ishdan haydalishingizga sabab bo’lishi hech gap emas. Bunday holatda talablarni to’xtatib, ortga chekinish aslida sizga foydaliroq bo’lishi mumkin. Shuningdek, ziddiyatni davom ettirish siz uchun haddan ziyod asabbuzarlikka sabab bo’layotgan bo’lsa, bunday holatda ham chekingan yaxshi. Chunki bu ziddiyat sog’ligingizni xavf ostiga qo’yishga arzimasligi mumkin.

Ammo ziddiyatdan chekinishning salbiy oqibatlari ham yo’q emas. Masalan, bir tomonning chekinishi, ko’pincha, uning yengilganini yoki taslim bo’lganini anglatadi. Buni esa ayrimlar qabul qila olmasligi mumkin. Hurmat va mavqeni yo’qotmagan holda ziddiyatdan chekinish mumkin, ammo bu ma’lum bir malaka va tajribani talab qiladi.

Agar ziddiyatda siz bilan hamfikr yoki sizning tomoningizda bo’lgan uchinchi bir tomon bo’lsa, ziddiyatdan chekinishingiz u bilan munosabatlaringizga salbiy ta’sir ko’rsatishi ham mumkin. Chunki unga sizning chekinishingiz kutilmagan hol bo’ladi.

Yumshatish

Ziddiyatni yechish yo’llaridan yana biri yumshatish deb ataladi. Bunda aslida nizoga yechim topilmaydi, balki ziddiyat yumshatilib, keyinroq ziddiyatni yechish uchun zamin hozirlanadi. Unda, odatda, yumshatish usulini qo’llagan tomon o’rtadagi kelishmovchilik mavjud o’rinlarni emas, o’rtada umumiy bo’lgan qarashlarga e’tibor qaratadi.

Qachon yumshatish usulini qo’llash kerak?

  • Ziddiyatdan vaqtincha chekinib, keyinroq uni hal qilish uchun qo’shimcha vaqtga ehtiyoj sezsangiz;
  • Ziddiyatli masala ikkinchi tomon uchun juda muhim, ammo siz uchun uncha muhim bo’lmasa;
  • Ziddiyatni davom ettirsangiz, yutqazishingiz aniq bo’lsa,
  • Ikkinchi tomonda yaxshi taassurot qoldirishni istasangiz.

Yumshatish usulining ehtimoliy salbiy oqibatlari:

Ikkinchi tomon talablariga rozilik berayotganingizdan foydalanib, sizga yanada ko’proq bosim o’tkazishga va shu tariqa barcha talablarini qondirib olishga urinishlari mumkin. Shuning uchun bu usuldan foydalanganda, qarshi taraf talablari va o’z qarashlaringiz o’rtasida to’g’ri muvozanat saqlay olishingiz kerak.

Bu usulga qo’l urishingiz ziddiyatda sizni qo’llagan tarafdorlaringizga ham yoqmasligi mumkin.

Ziddiyatga barham berishda e’tibor berish lozim bo’lgan jihatlar

Ziddiyatlarni yechishda ishlatiladigan, yuqorida sanalgan usullar orasida eng maqbuli hamkorlik bo’lsa, undan so’ng murosa turadi. Ziddiyatga yechim qidirayotgan odam mana shu ikki natijaga erishishni maqsad qilishi kerak.

Bu yo’lda u quyidagilarga e’tibor qaratishi kerak:

  1. Yaxshi aloqani saqlab qolish asosiy maqsadingiz bo’lsin

Siz bilan ziddiyatga kirishgan odam hayotda yaqin do’stingiz bo’ladimi yoki internetda duch kelgan foydalanuvchimi yoki hamkasbingizmi, ular bilan bundan keyin ham birga aloqada bo’lish yoki ishlashingizni unutmang. Shuning uchun maqsad nafaqat ziddiyatni tugatish, balki ular bilan avvalgi iliq munosabatni saqlab qolish ham bo’lishi kerak. Demak, ziddiyat davomida munosabatlarni butunlay buzadigan yoki o’rtaga doimiy sovuqlik soladigan so’zlarni so’zlashdan yoki harakatlarni amalga oshirishdan ehtiyot bo’lishingiz kerak.

  1. Odamlarni muammolardan farqlay oling.

Unutmang, ziddiyatga odamlar emas, balki mavjud kelishmovchiliklar sabab bo’ladi. Qaysidir masalada, farqli qarashlar mavjudligi bois, siz kim bilandir ziddiyatga kirishasiz. Bunday holatda hech qachon e’tiroz va tanqidlaringizni qarshi tomonning shaxsiga qaratmang. Uni haqoratlash, shaxsiyatiga tegish nafaqat ziddiyatga yechim topishni qiyinlashtiradi, balki muammolarga yechim topilgan taqdirda ham qarshi tomon bilan munosabatlaringizni qayta tiklash imkoniyatini yo’qqa chiqarishi mumkin. Muammoni shaxsdan alohida ajratib muhokama qilsangiz, u inson bilan munosabatlaringizga putur yetmaydi.

  1. Farqli qarashlarni tinglashni o’rganing.

Ziddiyatga yechim topish ahdida samimiy bo’lsangiz, qarshi tomonning fikrlarini diqqat bilan tinglashni o’rganishingiz kerak. Bu nafaqat uni yaxshiroq tushunib, agar xato fikrlayotgan bo’lsa, xatolarini o’ziga tushuntirib berish imkoniyatingizni oshiradi, balki agar sizning qarashlaringizda xatolik bo’lsa, uni ham aniqlashga yordam beradi. Unutmang, ziddiyatlarda har doim siz haq bo’lib chiqmaysiz. Agar nohaqligingizni tushunsangiz, uni tan ola bilishingiz ham kerak.

Siz bilan bahsga kirishgan yoki nizolashgan odam o’zini haq deb bilgani uchun ziddiyatdan chekinmaydi. Hech kim ertalab turib, bugun yomonlik qilaman, men yomon odamman deb hisoblamaydi. U o’zi bilgan, ishongan narsasi uchun kurashib, o’sha so’zlarni aytadi va harakatlarni amalga oshiradi. Uning dunyosini, ziddiyatga kirishish sabablarini tushunmaguncha, muammoni to’liq anglay olmaysiz. Shuning uchun ikkinchi tarafni yaxshilab tinglab, o’rganib, u nima uchun shunday qarorga kelganini bilib, keyin o’zingizning qaroringiz yoki fikringiz bilan taqqoslashingiz kerak.

  1. Avval tinglab, so’ng gapiring.

O’z qarashingizni himoya qilishdan oldin qarshi tomonni yaxshilab tinglang. Chunki ular aytadigan, siz avval eshitmagan biror fikr sizning qarashingiz o’zgarishiga sabab bo’lishi mumkin. Ziddiyatlashayotgan har bir tomon ikkinchi tomonning nimani istayotganini yaxshi bilishi kerak.

Qarshi tomon gapirayotganda u so’zlarini tugatguncha uni bo’lmasdan tinglang. Shunday qilsangiz, siz ham undan gapingizni bo’lmasdan tinglashini talab qila olasiz.

  1. Faktlarni yaxshilab o’rganing.

Qaror berishdan oldin vaziyatni tanqidiy-tahliliy fikrlash elagidan o’tkazishingiz kerak. Kimning haqligini bilish yoki to’g’ri qarorga kelish uchun ziddiyatga sabab bo’layotgan masalalar haqida to’liq ma’lumotga ega bo’lishingiz kerak.

  1. Yechimni birgalikda qidiring

Har doim siz xohlagan natijadan farqli uchinchi bir yechim mavjud bo’lishi mumkinligiga ishoning. Shunda o’z qarashingizda oyoq tirab turib olmasdan, boshqa ehtimoliy yechimlarni ham qidirishga tushasiz. Qarshi tomonga shuni yetkazib, undan ham shunga rioya qilishni so’rashingiz kerak. Masalan, ehtimol men nohaqdirman, balki boshqa yechim bordir, keling, shu yechimni qidirib ko’raylik, deb aytishingiz mumkin.

Ziddiyatlarga vositachilik qilish

Ziddiyatlarda ba’zan tomonlar o’zaro kelishmovchiliklarini hal qila olmaydi. Bunday holatda uchinchi bir tomon o’rtada vositachilik qilib muammoga yechim topishga urinadi. O’zaro kelisha olmayotgan er-xotin orasiga har ikki tomon ham hurmat qiladigan bir inson tushib, ularni yarashtirib qo’yishi bunga oddiy bir misol. Yoki qattiq urishib qolgan ikki do’stni ularning boshqa bir do’sti murosaga boshlashi mumkin. Qon to’kilishi darajasida nizoga borgan davlatlar o’rtasida xalqaro hamjamiyat vakillari vositachilik qilib, ziddiyatga diplomatik yechim topish holatlari ham ko’p uchraydi.

Ikki tomon o’rtasidagi ziddiyatlarga vositachilik qilishda ham yuqoridagi yechim turlari va ularga erishishda e’tibor berish lozim bo’lgan jihatlar amal qiladi.

Vositachi shaxsda bo’lishi lozim bo’lgan eng muhim jihat shundaki, u, avvalo, har ikki tomonning hurmat va ishonchini qozona olishi kerak hamda uning maqsadi o’rtada xolis turib, har ikki tomon uchun ham manfaatli bo’lgan natijaga erishish bo’lishi kerak. Chunki bir tomon vositachining noxolis ekanini payqasa, ular hech qachon ziddiyatga yechim topa olmaydi.

Shuningdek, vositachi tomonlarning talab va xohishlarini, nozoriliklarini yaxshilab o’rganib, eng maqbul yechimni taklif qila olishi kerak. Tomonlar ziddiyatga yechim izlashda o’zlarini haq deb bilgani va ziddiyat davomida turli ruhiy bosim va asabbuzarliklarga duch kelgani uchun masalaga xolis qarashda qiynaladi. Vositachi esa xolis uchinchi tomon bo’lgani va ziddiyatdan bevosita ruhiy va jismoniy aziyat chekmagani uchun unda yechim topish imkoniyati yuqoriroq bo’ladi.

Xulosa

Ziddiyatlar hayotda tez-tez uchraydigan holatlar ekanini o’rgandik. Shu bois biror ziddiyatga duch kelsangiz, haddan ortiq bezovtalanishga hojat yo’q. Ayni paytda aksariyat ziddiyatlarning yechimi mavjud va ularga qanday erisishni yuqorida siz bilan ko’rib chiqdik.

Ziddiyatga yechim topish uchun siz, avvalo, qanday qilib bo’lsa ham o’z shaxsiy manfaat va maqsadlaringizga erishishni emas, balki haqiqatni topishni ko’zlashingiz kerak. Odatda, tomonlar o’zini haq deb bilgani uchun ziddiyatga kirishadi. Lekin masalaning haqiqatiga yetish niyati bilan ziddiyatga yechim izlasangiz, bu jarayonda ba’zan siz avval bilmagan natijalar kelib chiqadi va bu qarashlaringiz o’zgarib, ikkinchi tomonni rozi qiladigan xulosaga kelishingizga ham sabab bo’lishi mumkin. Shuning uchun farqli qarashlarni yaxshilab tinglash, faktlarni o’rganish, qarshi tomon bilan birgalikda yechim qidirish kabi malakalar ziddiyatlarga yechim topishda muhim ahamiyatga ega.

Xuddi shu tavsiya va xulosalar virtual olamdagi ziddiyatlarga ham taalluqli bo’lib, unda ham avvalambor ziddiyatning oldini olish yo’llarini izlash lozim. Deylik, internetda tortishib qolsangiz, vaziyatni yumshatish va ziddiyatni hal etish uchun yuqorida tilga olingan yo’llarni ishga solish foyda beradi.

Add Comment

Required fields are marked *. Your email address will not be published.