Tahliliy fikrlash: Har bir sohada har bir insonga kerakli malaka

miyaInsonning boshqa jonzotlardan asosiy farqi uning fikrlay olishida, tafakkur qilish qobiliyatidadir. Chunki har qanday inson biror xatti-harakatni amalga oshirishdan oldin, avvalo, rejalaydi, nima uchun uni amalga oshirmoqchi ekani haqida o’ylaydi; sabab va oqibatlarini tahlil qiladi. Mana shu jarayon, agar to’g’ri amalga oshirilsa, tahliliy fikrlash hisoblanadi.

Tahliliy fikrlash nega kerak?

Nega ushbu mashg’ulotda tahliliy fikrlash malakasini o’rganish va uni chuqurroq tushunishni maqsad qildik? Tahliliy fikrlash nima uchun kerak?

Keling, buni bir oddiy misol yordamida ko’rib chiqaylik.

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus tayyorlov kursida o’qish va imtihon topshirish lozimligini bilasiz. O’qib-o’rganish yoki tajriba orqali bilasizki, qizil chiroq yonganda ko’chadan kesib o’tish yo’l qoidalarining qo’pol buzilishi hisoblanadi va bunga nisbatan jarima yoki jazo chorasi ham katta bo’ladi. Nega shunday? Nega siz qizil chiroq yonganda, mashinangizni to’xtatib, yashil chiroq yonishini kutasiz? Yo’l harakati qoidalarida shunday qilish lozimligi yozilgani uchunmi yoki boshqa sababi ham bormi?

Albatta, qizil chiroqda to’xtash majburiy bo’lgani uchun to’xtaysiz. Lekin xuddi shu masalaga tahliliy fikrlash orqali yondashsangiz, faqat yo’l harakati qoidalari talab qilgani uchun emas, balki bunday qoidaning joriy etilishi sabablarini tushunganingiz uchun ham bu qoidaga rioya qilasiz.

Agar qizil chiroq yonsa, bilamizki, yo’lni kesib o’tuvchi boshqa bir yo’nalishga yashil chiroq yongan bo’ladi. Bu degani, agar siz qizilda o’tsangiz, ikkinchi yo’nalishdagi mashina bilan to’qnashib ketishingiz ehtimoli juda yuqori bo’ladi. Demak, avtohalokatga uchrashingiz mumkin. Shuning uchun hech qachon qizil chiroq yonganda o’tmaslik kerakligini tushunasiz. Bu yerda DAN xodimi bor yoki yo’qligidan qat’i nazar, bu qoidaga har doim rioya qilasiz. Chunki sog’lig’ingiz, avvalo, o’zingizga kerak. Masalani tahliliy fiklash orqali o’rganganingizda, bu qoida, birinchi navbatda, haydovchi va yo’lovchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun joriy etilganini tushunasiz.

Demak, har qanday odam biror narsani o’rganganda, kuzatganda yoki kimdandir nimanidir amalga oshirish yoki oshirmaslik haqida buyruq olganda, turli majburiy yoki tavsiyaviy qonun-qoidalarga duch kelganda, ularga faqat shunday yozilgani, buyurilgani yoki talab qilingani uchungina rioya qilmasligi kerak. Balki nima uchun shunday talab qilinayotganini yoki nega shunday tartib joriy qilinganini tushunib, keyin ularga rioya qilishni o’rganish kerak.

Bunday fikrlash tartibini siz hayotda duch keladigan istalgan holatga qo’llash mumkin. Xabar-yangiliklarda biror ko’ngilsiz hodisa haqida o’qisangiz, yuzaki ma’lumotlarga asoslanib darhol kimnidir yomonlashga tushib ketmasdan, balki masalani chuqur tahlil qilib, balki bu yerda biz bilmagan boshqa narsalar bordir, degan savol bilan yondashishingiz va masala bo’yicha bir yoqlama xulosa qilishdan ehtiyot bo’lishingiz kerak. To’g’ri tahliliy fikrlash orqali qabul qilingan qarorlar har doim va har qanday sohada insonning muvaffaqiyat qozonishi garovi hisoblanadi.

Tahliliy fikrlash nima?

miya1

Ta’lim yo’nalishida tadqiqot olib borgan olimlarning ta’rifiga ko’ra, tahliliy fikrlash deb insonning tizimli va doimiy tarzda o’ylash jarayoniga aqliy va intellektual me’yor va standartlarni tatbiq etib, shu asosda maqsad bilan o’ylashiga aytiladi.

Sodda tilda tushuntiradigan bo’lsak, odam biror narsa haqida o’ylaganda, yuqorida ham tilga olinganidek, o’ziga nima uchun, nega, qanday degan savollarni berishi kerak. Ya’ni atrofida yuz berayotgan voqea va hodisalarnning yuz berish sababi va oqibatlarini tahlil qilishi lozim. Qaysidir masalada mavjud savol yoki muammo yechimi yuzasidan xulosaga kelish oldidan shu savol yoki muammoga oid barcha ma’lumotlarni, unga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladigan omillarni batafsil o’rganishi hamda qiyoslash, muammo va yechimni bir-biriga qarshi qo’yish, mantiqiy o’ylash kabi choralarni ishga solishi lozim. Ana shunday jarayondan o’tgan tafakkurgina aqliy va mantiqiy jihatdan eng to’g’ri (mutlaq to’g’ri bo’lishi shart emas) xulosaga olib boradi.

Siz, masalan, sinfingizda ingliz tilidan eng ko’p so’z yodlagan va grammatika qoidalarini suvdek ichgan talaba bo’lishingiz mumkin, ammo inshoyozishga kelganda, ishonchli va mazmunli yoza olmasligingiz mumkin. Yoki matematika fanidan barcha formulalarni to’liq yodlagan bo’lishingiz, ammo masalalarni amaliy yechishga kelganda, ularni qanday ishlatishni bilmasligingiz mumkin.

Nega? Chunki bu har ikki holatning yechimi tahliliy fikrlashni talab qiladi. Ingliz tilida yaxshi insho yozish uchun nima qilish kerak? Avvalo, yoziladigan insho mavzusini tushunish kerak. Unda nima haqda yozish so’ralyapti? So’ralgan mavzuni to’liq qamrab olish uchun qanday fikrlarni olg’a surish kerak? Har bir fikr ishonchli chiqishi uchun ularni qanday dalillar bilan quvvatlantirish kerak? Dalillar odamlarga tushunarli bo’lishi uchun ular qanchalik mavzuga aloqador bo’lishi kerak? Shu kabi savollarni o’zingizga berib, ularga mantiqiy va ishonchli javob topa olsangiz, sizning yozgan inshoingiz ta’sirchan va mazmunli bo’ladi.

Yoki matematikada berilgan masalaga mos formulani ishlata olishingiz uchun, avvalo, formuladagi har bir belgi yoki qoidaning qayerdan kelganini, nega aynan shu tartibda berilayotganini, haqiqiy misollarda kelgan raqamlar bu formulaning qayeriga va qanday tartibda qo’yilishini tushunishingiz kerak.

Demak, formulani yodlash bilan cheklanmasdan yoki ingliz tili darsida so’z va grammatika qoidalarini ko’r-ko’rona o’rganmasdan, bu qoida va formulalarning qayerdan kelganini, nega boshqacha emas, aynan shu holatda ishlatilishini ham bilishingiz kerak. Bu tahliliy fikrlash asosida o’rganish deyiladi.

Tahliliy fikrlash, ayniqsa, ijtimoiy faol va yetakchi shaxslar uchun juda kerakli malaka. Chunki ko’pchilikka nafi tegadigan loyihalar yanada foydali bo’lishi va ko’zlangan natijani berishi uchun tahliliy fikrlashning ahamiyati katta.Buni bir misol asosida tushuntiramiz.

Shaharda mehribonlik uyi bor. U yerda ota-onasiz, voyaga yetmagan bolalar yashaydi. Bu yerda yashab balog’at yoshiga yetgan yoshlar oldidagi eng katta muammo – ularning katta hayotda o’z o’rnini topishi. Ular yo oliy o’quv yurtiga o’qishga kirishi kerak yoki ish topib mustaqil hayot kechirishi kerak. Bu masalada ularga qanday yordam berish mumkin?

Jahon tillari universitetining 3-kurs talabasi ularga yordam berishga ahd qiladi. U, avvalo, muammoga yechim topish yo’llarini qidiradi. U oddiy talaba, moddiy jihatdan bu yoshlarga yordam bera olmaydi. Shunday ekan, yechim uning imkoniyati doirasida bo’lishi kerak. U uzoq o’ylab, bu yoshlarning o’qishga kirishiga ko’maklashishga ahd qiladi.

Buning uchun u o’qish joyidagi kursdoshlari bilan gaplashib, ularni ham shu loyihaga jalb qiladi va mehribonlik uyida yoshlar uchun ingliz tili, ona tili, tarix kabi fanlardan bepul repetitorlik kurslarini tashkil etadi.

Talaba yigitning bu ishi ijtimoiy faollikka yaxshi misol bo’la oladi. Chunki uning sa’y-harakatlari bilan oilasi bo’lmagan yoshlar qo’shimcha bepul tayyorlov kurslarida o’qib, oliy o’quv yurtiga kirish imkoniyatlarini oshirmoqda va buning nafaqat mehribonlik uyi yoshlarga, balki butun jamiyatga katta ijtimoiy foydasi bor. Chunki bu yoshlar ish yoki o’qish bilan band bo’lmasa, katta hayotga qadam qo’ygach, ko’chalarda qarovsiz qolib ketishi yoki jinoyat ko’chasiga kirib ketishi hech gap emas. Ularning oliy o’quv yurtiga kirishiga yordam berish esa ana shunday salbiy oqibatlarning oldini oladi.

Talaba yigit nega mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga yordam berishga qaror qildi? Chunki u bu ishda nafaqat bir necha abiturient, balki butun jamiyat uchun foyda ko’rdi. U mehribonlik uyida voyaga yetuvchilar orasida jinonyatchilik yuqori bo’lishi haqida ma’lumotga ega. Bunga sabab nima?

Talaba tahliliy fikrlash qobiliyatini ishga solib muammoning bir necha ehtimoliy sabablarini topadi. Mehribonlik uyida oiladagidek tarbiya berilmasligi, oila davrasida o’smagani uchun bunday yoshlarning ijtimoiy munosabatlarga faol kirisha olmasligi, qo’shimcha pulli kurs va treninglarni olmagani uchun ish va o’qishga kira olmasdan, moddiy qiyinchilikka yuz tutishi kabi bir nechta sabablar aniqlanadi. Endi bu sabablarning har birini tahlil qilib chiqish kerak. Qaysi biri haqiqatga eng yaqini bo’lishi mumkin? Talaba har bir ehtimoliy sababni o’rgangach, jinoyatchilikka, asosan, iqtisodiy yo’qchilik sabab bo’lar ekan, degan xulosaga keladi. Moddiy qiyinchiliklarga chek qo’yish uchun esa odam yaxshi ishda ishlashi, o’ziga va oilasiga yetarli daromad topishi kerak. Demak, bu yoshlarni voyaga yetishi bilan ish yoki o’qish bilan ta’minlash kerak. Endi talaba yigit buni qanday amalga oshirish yo’llari haqida o’ylashga tushadi. Oddiy talaba ekanini hisobga olsak, u yechimni o’z imkoniyati doirasida topishi kerak.

U nufuzli oliy o’quv yurtinining yuqori kursi talabasi, ingliz tilini yaxshi biladi. Demak, u yoshlarga ingliz tilini o’rgatishda yordam berishi mumkin. O’qishga kirish uchun esa bitta fanni yaxshi bilish kifoya qilmaydi. Boshqa fanlarni o’qitish uchun u kursdoshlari orasidan shu fanlarni yaxshi biladigan talabalarni topadi va ularni ham shu loyihaga jalb qiladi.

Ana shunday tahliliy fikrlash jarayoni natijasida u mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga o’qishga kirishlari uchun bepul tayyorlov kurslarini tashkil etib, ijtimoiy foydasi ulkan bo’lgan yaxshi bir loyihaga yetakchilik qiladi.

Tahliliy fikrlashni hayotimizda yuz beradigan har qanday holat yoki voqeaga nisbatan qo’llashimiz mumkin. U yuqoridagi misol kabi katta loyihalarga aloqador bo’lishi shart emas. Talaba bo’lsangiz, uyga berilgan vazifani a’lo darajada bajarish uchun ham mavzuni har tomonlama o’rganib, keyin ishga kirishasiz. Bu ham tahliliy fikrlash orqali amalga oshiriladi.

Tahliliy fikrlash qobiliyatini qanday shakllantirish mumkin?

Tahliliy fikrlashni shakllantirishning aniq qolipi mavjud emas. Buning uchun rasman biror tayyorlov kursida o’qish, ma’lum bir ilmiy darajaga ega bo’lish shart emas. Ammo bu jarayonning umumiy mezonlari mavjud bo’lib, shularga rioya qilgan har qanday inson o’zida tahliliy fikrlash ko’nikmasini shakllantira oladi.

Bu borada quyidagilarni unutmaslik kerak:

  • Tahliliy fikrlash uchun oliy darajaga ega bo’lish shart emas.Ya’ni, oliy o’quv yurti diplomisiz ham siz bu qobiliyatni o’zingizda shakllantira olasiz.
  • Tahliliy fikrlash uchun yangi g’oyalar bilan chiqish, muammoga yechim topish shart emas.Tahliliy fikrlash orqali muammoni, agar u mavjud bo’lsa, aniqlashingiz mumkin, lekin unga har doim ham yechim topa olmasligingiz mumkin. Lekin, odatda, tahliliy fikrlash jarayonida yangi fikr va yechimlar taklif qilinishi holatlari ko’p uchraydi.
  • Tahliliy fikrlash murakkab va vaqtni oladigan hamda alohida e’tibor talab qiladigan ish emas.
  • Tahliliyfikrlashuchunma’lumbirsohadabilimingizko’pbo’lishi, o’taaqlliyokiiqtidorlibo’lishingiz, ma’lumbirijtimoiydarajayokikasbgaegabo’lishingizshartemas. Universitetprofessoriham, oddiyfarroshayolhamaniqbirsohabo’yichaqo’shimchabilimtalabqilmaydiganmasalalardabirxiltahliliyfikrlashmalakasigaegabo’lishimumkin.

Tahliliyfikrlashqobiliyatinishakllantirishuchun, avvalo, fikrlashjarayoninitahlilqilib, uningqandayqismlardantashkiltopganinibilibolishimizkerak. Biror narsaga nisbatan munosabatimizni shakllantirishga xizmat qiladigan tafakkur, asosan, ikki qismdan tashkil topadi: xulosa (inference) va taxmin (assumption).

Xulosa: Bu fikrlash jarayonidagi bir bosqich bo’lib, unda fikrlovchi odam o’zi to’g’ri deb bilgan bir qator sabablar asosida yakuniy xulosaga keladi. Masalan, siz qo’lingizda pichoq bilan do’stlaringizning oldiga borsangiz, ular sizni jarohat yetkazish uchun kelyapti, deb o’ylashlari mumkin. Chunki ular qo’lingizda pichoq borligini ko’rib, sizni yomon niyatda, degan taxminga boradi va shu asosda jarohat yetkazmoqchi, degan xulosaga keladi. Mana shu natija fikrlash jarayonining xulosasidir. Aslida siz bunday yovuz niyatda emas, balki palov uchun sabzi to’g’rash maqsadida pichoq ko’tarib kelayotgan bo’lishingiz ham mumkin. Xulosalar to’g’ri yoki noto’g’ri, mantiqiy yoki mantiqsiz, asosli yoki asossiz bo’lishi mumkin.

Taxmin: Taxminlar biz to’g’ri yoki noto’g’riligini tekshirmasdan qabul qiladigan ilk tasavvurlardir. Taxminlar bizdagi ishonch tizimining bir qismi hisoblanadi.  Agar bizda nimagadir nisbatan to’g’ri ishonch shakllangan bo’lsa, demak ishonchimiz to’g’ri taxminlarga asoslangan bo’ladi.

Taxminga bir misol:Eshikning tashqaridan tirnalayotgani eshitib, ornimdan turdim va eshikni mushukka ochdim”.

Bu misolda yuz bergan fikrlashdan olingan xulosa shuki, tashqarida mushuk bor va uy ichiga kirmoqchi. Bu xulosa mushuklar tirnoqlarini eshikka ishqalaganda shunaqa tirnalish ovozi eshitiladi va ular shunday qilganda, bu ularning uy ichiga kirishni xohlayotganini anglatadi, degan taxminga asoslangan.

Xulosa va taxmin o’rtasida qanday bog’liqlik bor?

Biz taxmin asosida xulosaga erishamiz. Haqiqiy hayotda tafakkurimiz natijasii asosida qo’lga kiritilgan xulosalarni amalda ko’rib, qo’llab yoki ishlatib ko’rish orqali tajriba orttiramiz. Tajriba ortgan sari to’g’ri xulosaga erishish imkoniyatlarimiz ham oshib boradi.

Bu misolda bir xil vaziyat yuzasidan ikki odam ikki xil taxmin va xulosaga borgani aks etgan. 1-odam yo’lda yotgan shaxs uysiz va mast degan xulosaga boryapti. Chunki uning yo’lda faqat mast va uysiz odamlar yotadi, degan taxmini hayotiy tajribasida ko’proq shunga guvoh bo’lgani asosida shakllangan. Ya’ni, u hayotda, asosan, uysiz va mast odamlarning yo’llarda yotganini ko’rgan.

Ikkinchi odamning fikrlashi esa mutlaqo boshqa xulosaga olib boryapti. Unga ko’ra, bu odam yordamga muhtoj. Chunki uning xulosasi yo’lakda yotgan har qanday odam yordamga muhtoj bo’ladi, degan taxminga asoslangan. U bu odamning mast va uysiz ekanini ham hisobga olgan bo’lishi mumkin. Lekin shunday odamlar ham, baribir, yordamga muhtoj bo’ladi; chunki mast va uysiz odamlar ham yo’lakda yotmasligi kerak, degan xulosaga kelyapti.

Tahliliy fikrlashning olti quroli

Tahliliy fikrlashga aloqador tafakkur qurollarining soni faqat oltita emas, aslida ancha ko’p. Lekin biz eng muhimlarini tanlab olib, quyida ularni e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.

1-qurol: Talqin

Talqin deganda sizga taqdim etilgan axborotni to’g’ri tushunib, uni boshqalarga to’g’ri yetkazib bera olish qobiliyati tushuniladi.

Ishda yoki o’qishda siz turli holatlarda har xil ma’lumotlar bilan yuzlashasiz. Masalan, mijozlar uchun internet saytlarini yaratuvchi kompaniyada ishlasangiz, mijoz sizga qanday saytni xohlashi haqida o’z tushunchasi bilan ma’lumot beradi. Siz bu ma’lumotni to’g’ri tushunib, uni rahbariyatingizga yoki saytni yaratuvchi xodimlarga ular tushunadigan uslubda tushuntirib bera olishingiz kerak.

2-qurol: Tahlil

Tahlil deb turli qismlardan iborat axborotlarni jamlab, ularning xulosasini tushunishga aytiladi.

Masalan, siz ishlovchi kompaniya keyingi besh yillik ish rejasi haqida bayonot chiqardi. Unda kutilayotgan o’zgarishlar, kompaniya oldida turgan eng ustuvor vazifalar haqida umumiy ma’liumot berilgan. Siz bu bayonotni o’qib, uning siz egallab turgan lavozimga qanday ta’sir qilishi mumkinligini tahlil qilasiz. Sizning lavozimingiz yoki ishingiz haqida hech qanday aniq ma’lumot aytilmagan bo’lsa ham, kelgusi besh yillik reja va ustuvor vazifalarni tahlil qilib, bu o’zgarishlar ish o’rningizga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida xulosa chiqarasiz.

3-qurol: Mantiqiy va dalil asosida fikrlash

Mantiqiy va dalil asosida fikrlash mavjud ma’lumotlar asosida to’g’ri xulosa yoki natijaga erishish uchun yana nimalar lozim bo’lishini anglash qobiliyatidir.

Masalan, oxirgi oyda kompaniyangiz mahsulotlarining sotilishi ancha kamaydi. Boshqaruvchi sifatida buning sababini bilishingiz juda muhim. Aniq sababi haqida to’g’ri xulosaga kelish uchun esa sizga yana qo’shimcha ma’lumotlar kerak bo’lishini tushunishingiz kerak. Ishlab chiqarish bilan bog’liq ichki muammolar, bozorda raqobatning kuchaygani yoki talabning sustligi kabi turli omillar savdoning pasayishiga sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Siz ana shu barcha omillarni o’rganib, dalillardan foydalanib, nega savdo kamaygani haqida so’nggi xulosaga kelasiz.

4-qurol: Baholash

Sizga taqdim etilayotgan ma’lumotlarning to’g’riligini aniqlash uchun shu axborotni sizga yetkazayotgan shaxsning tajribasi, fikri va qarorining qanchalik xolisligini to’g’ri baholay olishingiz kerak.

Masalan, siz kompaniyangiz mahsulotlarining qanchalik sifatli yoki sifatsiz ekanini aniqlash uchun bir necha mijoz o’rtasida so’rov o’tkazasiz. Mijozlarning ayrimlari mahsulot haqida salbiy, ayrimlari ijobiy fikr bildiradi. Mahsulotingiz haqiqatan sifatli yoki sifatsiz ekani haqida so’nggi xulosaga kelishdan oldin fikr bildirgan mijozlarning aytganlari qanchalik to’g’ri yoki noto’g’riligini boshqa omillarni hisobga olgan holda tekshirib chiqishingiz kerak. Ya’ni, ularning gaplarini tekshirmasdan to’g’ridan-to’g’ri qabul qilishingiz sizning baholash qobiliyatingiz zaifligidan dalolat beradi.

5-qurol: Tushuntirish

Siz ma’lumotlarni nafaqat yetkazishni, balki qo’shimcha ma’lumotlar orqali tushuntirishni ham bilishingiz kerak. Chunki sizdan axborotni qabul qilayotgan odamda tug’iladigan qo’shimcha savollarga ham javob bera olishingiz kerak.  Demak, biror masalani o’rganganda uni boshqalarga batafsil tushuntirib bera oladigan darajada bilishingiz kerak.

Masalan, kompaniyada sizning qo’l ostingizda ishlaydigan xodim o’tgan oy amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Siz bu hisobotni endi rahbaringizga topshirishingiz kerak. O’tgan oy qilingan ishlar haqida gapirganingizda qo’lingizdagi hisobotda mavjud bo’lmagan qo’shimcha ma’lumotlarga ham ehtiyoj tug’ilishi mumkin.  Chunki rahbaringiz hisobot bo’yicha qo’shimcha savollar berishi mumkin. Demak, siz mavzuni to’liq tushuntirib berishga tayyor turishingiz kerak.

6-qurol: Imkoniyatingiz chegarasini bilish

Biror ishni amalga oshirishda o’z imkoniyatlaringiz chegarasini hisobga oling va qurbingiz yetmaydigan ishlarni bajarishga urinmang.

Masalan, siz bir kompaniyaga yangi xodim bo’lib ishga keldingiz va mijozlardan biri telefon qilib, ko’rsatilgan xizmat yuzasidan yordam so’ramoqda. Siz mijozga yordam berishni va unda yaxshi taassurot qoldirishni xohlaysiz, ammo u so’rayotgan masalada hali sizda yetarli bilim yoki tajriba yo’q. Bunday holatda muammoning eng yaxshi yechimi telefonni tajribaliroq boshqa hamkasbingizga berishdir. Ishonchingiz komil bo’lmasa, o’zingiz bilmagan masalada gapirishdan yoki biror qaror qabul qilishdan ehtiyot bo’ling.

Xulosa

Tahliliy fikrlashdan maqsad biror masala yuzasidan eng to’g’ri va mantiqiy xulosaga erishishdir. Unutmang, xulosangiz mutlaq to’g’ri bo’lishi shart emas, ammo fikrlash jarayoningiz imkon qadar xolis, bir yoqlama yondashuvlardan xoli bo’lishi kerak.

Tahliliy fikrlash jarayonida shu paytgacha o’zingizda shakllangan tushuncha va munosabatlarni unutib, masalaga yangicha ko’z bilan qarashingiz kerak.

Masalan, amerikaliklar haqida o’ylaganimizda xayolimizga keladigan birinchi tushunchalardan biri bu davlatda yashaydiganlar boy bo’ladi, degan qarashdir. Chunki Amerika boy mamlakat. Ammo bu o’lkada ham qashshoqlar, uysizlar borligini hammamiz ham bilavermaymiz yoki bu faktni e’tiborsiz qoldiramiz. Shunday ekan, amerikalik biror shaxs haqida xulosa qilganda, hech ikkilanmasdan uni boy odam deb o’ylash mantiqiy jihatdan xato fikrlashdir.

Demak, biror shaxs, hodisa yoki masala haqida o’ylaganda, shu paytgacha o’zimizda shakllangan qarash va stereotiplarni butunlay unutib, bo’m-bo’sh ong bilan fikrlash kerak. Ana shunda bu narsalarga aloqador barcha ehtimoliy holatlarni ko’zdan qochirmay, ularning har biri to’g’ri bo’lishi yoki bo’lmasligi mumkin, degan mezon asosida masalani qayta tafakkurdan o’tkazamiz.

Add Comment

Required fields are marked *. Your email address will not be published.