PULLARIMIZ QAYGA KETDI?

images (11)XXI asr insoniyat tomonidan haqli ravishda “Axborot asri” deya nomlandi. Chunki, ilk shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqilganidan buyon yarim asr ham vaqt o’tmaganligiga qaramay, kishilik jamiyatining har bir sohasini kompyuterlar “zabt etib” ulgurdi. Yer yuzida odam bolasi paydo bo’lganidan buyon biror bir soha yo’qki, bu qadar tezlik bilan insoniyat qalbi va ongini egallab, hayotining ajralmas bir bo’lagi, hayotining mazmuniga aylangan bo’lsa.

 Tan olish kerak, bugun kompyuterlar, axborot texnologiyalari har birimizning kundalik hayot tarzimizga chuqur singib, uning bir bo’lagiga aylanib ulgurdi. Bunda bir necha o’n yil avval kompyuter texnikasi bajaradigan vazifalar insonlarni ajablantirgan bo’lsa, endilikda nafaqat kompyuterlar, noutbuklar balki cho’ntak kompyuterlari va telefonlar axborotlar bilan ishlash jarayoni tabiiydek qabul qilinmoqda. Ayniqsa mamlakatimiz mustaqilligi yillarida dunyoga kelib voyaga yetgan farzandlarimiz uchun. Chunki, ular muloxaza yuritish imkoniga ega bo’libdilarki, chor atroflarida keng imkoniyatlar, cheksiz shart-sharotilarni ko’rib kelmoqdalar. Istalgan axborotni sanoqli soniyalarda, o’z turgan o’rnilaridan qo’zg’olmasdan turib olish imkoniyatiga ega ekanliklaridan hech ham ajablanmayotganliklari shundan.

E’tiborli jiahti, bugun ular kattalar bilan bir axborot manbaiga egalar. Hech qanday axborotdan ularni cheklashning imkoni yo’q. Bugun axborot olamida kechayotgan jarayonlar shiddati shu qadarki, mutaxassislar “internet orqali kirib kelayotgan axborotlarni cheklash, sel oqimini to’xtatib qolish uchun unga ko’krak tutish bilan bir xil” deya izohlamoqdalar. Haqiqatdan ham, zamonamiz bolalari yo’lda yurishdan avval uyali telefondan foydalanishni o’rganmoqda, bundan 15-20 yil avval ham bolalarning dunyoga kelib aytganilk so’zi “oyi”, “dada” kabi jaranglagan bo’lsa, hozir deyarli 50-60% bolaning tili “allo…” so’zini aytib chiqayotgani mubolag’a emas. Yoshi o’n-o’n ikkiga yetgan bolamiz uchun uyali telefonlar ularning ham do’sti, ham yaqin qondoshlari, ham sirdoshi … umuman olganda hayotining mazmuniga aylanib bo’lganidan ajablanmay qo’ydik. Qo’lida telefon bilan uyquga ketib, tongda ko’zini ochar-ochmas yana telefonga qo’l cho’zishini tabiiy holdek qabul qilayapmiz. Aksariyat hollarda oila a’zolar dasturhon atrofida o’tirgan vaqtlarida ham ikki luqma taom yeyish asnosida 3-4 marta telefonini qo’liga olib, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlashayotgan, eng kamida biror “tanishi” bilan SMS almashayotgan o’g’il bilan ro’baro’ o’tirgan otalar bunga ko’z yumayotganliklari ham rost.

Har bir oilaning tarbiya, oilaviy qadriyatlar borasida o’z an’ana va qarashlari bor, albatta. Tarbiya tushunchasi biror bir qolipga tushmaydigan, oilaning xususiyati, undagi kishilarning shaxsiy xarakter xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tanlanadigan tushuncha ekanini har birimiz yaxshi bilamiz. Har kim axborot manbaiga bo’lgan munosabatlar, jamiyatda o’rin  va mavqey egallashga bo’lgan intilishni o’zicha hal qilishga, farzandlari uchun ham “o’z bilganicha” tarbiya berishga haqli.

Ammo, afsuski bolalarimiz bugun foydalanayotgan axborot manbalari har doim ham yosh avlodning ongi va tafakkuriga naf keltiruvchi ma’lumotlarni tarqatayotgani yo’q. Ular turli internet saytlari orqali olayotgan axborotning 2-3 foizi ular uchun foydali bo’lsa, 85-90 foizi zarar keltiruvchi hisoblanadi. Turli ijtimoiy tarmoqlar o’rqali o’smirlar o’rtasida kechayotgan suhbatlar, ular tomonidan yaratilgan muhokama mavzulari bilan tanishib, shunday yozuvlarning “muallif”lari o’zbek farzandlari ekaniga ishonging kelmaydi. Internet tarmog’i  orqali, kompyuter klublarida o’ynalayotgan o’yinlar, tomosha qilianyotgan video yozuvlar bizning farzandlarimizga (!) jangarilik, vaxshiylik, qotillik, behayolik kabi illatlarni o’rgatayotganini ko’rib turib qanday ko’z yumish mumkin? Axir ular shunchaki tomosha qiladigan, mashg’ulot turi o’zgarishi bilan unutiladigan voqealarni ifodalayotgani yo’q-ku. Nahotki, ota-onalar o’z farzandlari nima bilan band bo’layotgani, kimlardan ibrat olayotgani, qaysi film qahramonini o’z idealiga aylantirganligi, virtual o’yinlarda qanday missiyani bajarayotganliklari bilan qiziqib ham ko’rmasalar. Film yoki o’yinlarda ko’rganlarini amaliyotda sinab ko’rish uchun 15-17 yoshli hatto undan kichik bolalar ham turli o’tkir tig’li vositalarni “o’yinchoq” bilib o’zlarining doimiy hamrohiga aylantirayotgani, o’z do’sti, atrofidagilarga hamla qilayotgani, ehtiyotsizlik natijasida har xil og’irlikdagi tan jarohati yetkazish, ba’zi hollarda inson hayotiga suiqasd qilish kabi qilmishlarga yo’l qo’yayotganligi bugun hech birimizga sir emas axir. O’smirlar o’z tengdoshiga zo’ravonlik qilishi, hali voyaga yetmasdan, hayotning turli past-balandliklarida yurib ko’rmasdan turib nomusga tegishi, o’grilik, talonchilik kabi jinoyatlarga qo’l urishining ortida vaqtini internet kafelarda, kompyuter oyinlari klublarida o’tkazayotganligi ham ayni haqiqat.

Ko’z o’ngimizda, yonginamizda shuncha ko’ngilsiz hodisalar yuz berayotgan ekan, biz ota-onalar ularni shunchaki tomosha qilish bilan cheklanib qolamizmi? Yo’q!.. Biz jarayonni yanada tezlashishiga, bundanda og’irroq oqibatlar keltirishiga ko’mak beryapmiz. E’tiroz bildirishga shoshilmang, bu ayni haqiqat. Aytingchi, bolalar internet tarmog’idan foydalanish uchun imkoniyatni qanday qo’lga kiritayotganliklarini bilasizmi?

Ota-onalar, takror aytaman, ota-onalar mana shunday illatlarni jamiyatimiz, oilalarimiz boshiga, farzandlarimiz hayotiga sotib olmoqdalar. Ajablanmang, shunday ko’ngilsiz voqealar uchun ota-onalar o’zimiz, o’z qo’llarimiz bilan ne zahmatda topgan pullarimizni sanab bermoqdamiz. Chunki, voyaga yetmagan shaxslarga ya’ni passport ma’lumotlarisiz telefon kompaniyalari tomonidan raqam (sim karta) berilmasligi barchamizga aniq. Telefon apparatlari uchun 14-15 yoshli bolalarimiz qo’liga pul berib bozorga yuborayotgan ham, ularning tug’ilgan kuniga sovg’a sifatida taqdim qilayotgan ham o’zimiz. Agar hozirda bolalar foydalanayotgan telefon apparatlari uchun talab etiladigan mablag’ni kitob xaridi uchun sarflasak, eng kamida 15-18 ta turli mazmundagi kitoblarni sotib olishimiz mumkin. Har oyda bolangiz telefon harajatlari uchun sarf qilayotgan pul eng yaxshi kitob haridi uchun bemalol yetarli. Agar har oyda oilaviy kutubxonangizga bitta kitob qo’shilib borsa, 5 yildagi natijani hisoblab ko’ring. Endi aytingchi, ko’z qorachig’imiz, hayotimizning mazmuni bo’lgan bolalarimizga olib berayotgan telefonlarimizdan necha yil foydalanish mumkin? 4-5 yil, nari borsa 7-8 yil. Buning ustiga faqat birgina bolamiz ishlata oladi xolos bu telefonni. Kitobnichi? Bolangiz to umri oxiriga qadar kitob taratayotgan ma’naviyat ziyosi bilan yo’lini yoritib yurishi, o’zidan keyin esa kelajak avlod uchun meros qilib qoldirishi mumkun. Aslida haqiqiqy insonlik vazifamiz ham shundan iborat emasmi. Axir kitob emasmi, inson ma’naviyatining asosi, yolg’izlikdagi do’sti.

Xulosa shuki, bolalarimizni axborot hurujlaridan himoya qilish, ularda ma’naviy immunitetni shakllantirish biz kattalarning vazifamiz. Bu jarayon esa ota-onalarning ishtirokisiz amalga oshmaydi. Ta’lim muassasalarida bolalar pedagogik jamoa nazoratida bo’ladi. O’qituvchi-murabbiylar ularning har bir qadamini kuzatib boradilar. Ammo, maktabdan tashqari paytda ular o’z vaqtlarini qanday o’tkazayotganliklarini nazorat qilishda ota-onalar maktab jamoasi bilan hamkor bo’lishlari talab qilinadi. Eng avvalo, maktab yoshida bolalarning uyali telefonlardan foydalanishlariga chek qo’yish zarur. Ularning kompyuter klublarida befoyda vaqt o’tkazishlarining oldini olish, internet tarmog’idan foydalanish madaniyatini ularga o’rgatish lozim. Biz farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, kundalik hayotda turli foydali va foydasiz, zararli va zararsiz mahsulotlar orasidan faqat o’z hayoti va salomatligiga naf keltiradiganlarinigina ajratib iste’mol qilgani kabi, atrof muhitni qamrab olgan axborotlar orasidan shaxs sifatida shakllanish uchun xizmat qiluvchi, sog’lom axborotlarni ajrata bilsinlar.

Add Comment

Required fields are marked *. Your email address will not be published.